| ....O'sha kunlari Qaynuqo' yahudiylaridan bir zargarning do'koniga bir muslima kirdi. Buyurtma bermoqchi edi. Zargar unga joy ko'rsatdi, ishga kirishdi. Shu payt boshqa bir yahudiy sezdirmasdan do'konga kirib, xotinning qo'ylagi etagini elkasiga ignatugma ila qadab qo'ydi. O'zi bir chekkada turdi. Saldan keyin zargar ishni bitirgach, xotin taqinchoqlarini olib, endi o'rnidan turmoqchi bo'lganida... do'konni qahqaha ovozlari tutib ketdi. Xotin sarosimada kulayotganlarga boqdi va o'zi mazax qilinayotganini sezdi. Nomus kuchidan baqirib, yahudiylarni so'ka boshladi... Musulmonlar Badrga yo'l olishganida: "Balolarga giriftor bo'lsin va bittasi ham qaytmasin", degan orzuda bo'lgan yahudiylar mo'minlarning tushlarda ko'rganda ham toqat qilib bo'lmaydigan darajadagi zafar bilan qaytishganini hech hazm etolmayotgan edilar. Buning natijasida ko'ngilsiz oqibatlarga, olib keluvchi mojarolar chiqara boshlashdi. Ka'b ibn Ashraf bilan keksa shoir Abu Ofakning boshlariga tushgan kun ham ularni to'xtatmagan, aksincha, yanada keskin vaziyat yuzaga kelgan edi. Bir kuni Janobi Rasululloh (s.a.v.) do'stlari bilan birga Bani Qaynuqo' yahudiylari huzuriga bordilar va ularni to'plab, xitob qildilar: — Ey qaynuqoliklar! Ollohdan qo'rqing! Qurayshning boshiga kelganiga o'xshash bir intiqom sizlarning ham boshingizga kelishi mumkin. Mening Olloh yuborgan payg'ambar ekanimni bilasiz, buni kitobingizda o'qib turibsiz. Buning ustiga, Olloh taolo sizlardan menga ishonishingiz to'g'risida ahd ham olgan. Shunday ekan, Islom dinini qabul eting va o'zlaringizni qutqaring! Ichlaridan biri so'z oldi. Xo'rozlangan bir ifoda ila: — Ey Muhammad, sen bizni o'zingning qavming deb o'ylayapsan. Harbdan, urushdan bexabar qavmga duch kelib, otni qamchilab qolay, deyishing seni aldab qo'ygan bo'lmasin. O'zingga kelib olishingni tavsiya etaman. Bordiyu sen bilan jang qilish majburiyatida qolsak, bizning qanday urushqoq ekanimizni pushaymonlik ichra ko'rasan. Janobi Rasululloh (s.a.v.) ortlariga qaytdilar. Odamlar bunday jur'atli, jasoratli so'zlarni nimaga tayanib so'zlayaptilar? Kimga ishonyaptilar. Holbuki, harbni tushunadigan, yaxshi urushadigan millat emas ular. Qolaversa, Kitoblaridan olgan bilimlari Janobi Rasulullohning (s.a.v.) bu ishni oxiriga etkazajaklaridan, vazifani mukammal shaklda ato etajaklaridan darak berib turibdi. Bu ishlari bilib turib, o'zlarini o'limga va olovga tashlash bilan barobardir. Janobimiz Madinaga qaytib kelganlarida Jabroili amin ham u zotga tablig' etish uchun Olloh taoloning ushbu farmonini keltirgan edi: "(Ey Muhammad,) kufr yo'lini tutgan kimsalarga ayting: "Shak-shubhasiz, (bu dunyoda) mag'lub bo'lasiz va (oxiratda) jahannamda to'planajaksiz. Naqadar yomon joy u! (Ey yahudiylar,) sizlar uchun biri Olloh yo'lida jang qilgan, ikkinchisi kofir bo'lgan ikki guruh orasidagi to'qnashuvda ibratli hodisa bo'lgan edi. Ular (musulmonlar) o'z ko'zlari bilan (ko-firlarning) ikki barobar ko'p ekanini ko'rib turar edilar. Olloh esa, O'zi istagan kishilarni g'olib qilish bilan qo'llab-quvvatlaydi. Albatta, bu voqeada fikr egalari uchun ibrat bordir" ( Ol-i Imron, 12 — 13) . Bu oyat Qaynuqo' yahudiylariga tablig' etildi. Ammo bir quloqlaridan kirib, ikkinchisidan chiqib ketdi go'yo. Endi bora-bora surlashishgan, ipni uzadigan holga kelishgan edi. O'sha kunlari Qaynuqo' yahudiylaridan bir zargarning do'koniga bir musulmon xotin kirdi. Buyurtma bermoqchi edi. Zargar unga joy ko'rsatdi, ishga kirishdi. Shu payt boshqa bir yahudiy sezdirmasdan do'konga kirib, xotinning qo'ylagi etagini elkasiga ignatugma ila qadab qo'ydi. O'zi bir chekkada turdi. Saldan keyin zargar ishni bitirgach, xotin taqinchoqlarini olib, endi o'rnidan turmoqchi bo'lganida... do'konni qahqaha ovozlari tutib ketdi. Xotin sarosimada kulayotganlarga boqdi va o'zi mazax qilinayotganini sezdi. Nomus kuchidan baqirib, yahudiylarni so'ka boshladi. Xotinning faryodi bozorda yurgan bir musulmonning qulog'iga etib, u chopib do'konga keldi. Ahvolni tushunib, yahudiylarga tashlandi. Birini o'ldirdi. Hammalari yigitning ustiga yopirilib, uni ham o'ldirishdi. Endi g'isht qolipidan ko'chgan edi. Musulmonlar zudlik bilan bir lashkar tashkil etib, Rasululloh (s.a.v.) boshchiliklarida kelib, qaynuqoliklarni xar tarafdan qamal qilib olishdi. Biror kimsani ichkari kiritishmadi, biror kimsani tashqari chiqarishmadi. Qamal o'n besh kun davom etdi. Nihoyat, Qaynuqo' yahudiylari taslim bo'lishdan boshqa chora qolmaganini anglashdi. O'zini musulmon qilib ko'rsatadigan mashhur munofiq ibn Ubayy ibn Salul shoshib kelib, Janobi Rasulullohni (s.a.v.) izlab topdi. — Yo Muhammad, mening do'stlarimga ikrom va ehson qil, — dedi. Janobimiz uning bu taklifini javobsiz qoldirdilar. U so'zlarini takrorladi, yana javob ololmadi. Endi qo'lini Janobi Rasulullohning (s.a.v.) ko'ylaklari ichiga suqdi. Suqarkan, uchinchi daf'a so'radi. Rasuli akram shunday asabiylashdilarki, atrofdaglar ham buni yaqqol sezishdi. — Nadomatlar bo'lsin senga, meni xoli qo'y, — dedilar. Ammo u munofiq ketadigan kayfiyatda emasdi. Yahudiylarning o'ziga qilgan yaxshiliklarini aytar, ularga ham yaxshilik va ehson qilinishini istar, agar yahudiylarga yomonlik ko'rsatilsa, boshlariga bir balo sotib olishlarini tinmay javrar edi. Nihoyat, Rasululloh istamaygina u erdan ketdilar. Ammo ularni Madinadan chiqarib yuborishni buyurdilar. Bu sirada yana oyati karima indirildi. Unda bunday deyilardi: "Ey mo'minlar, yahudiylar va nasroniylarni do'st tutmangiz! Ularning ba'zilari ba'zilariga do'stdirlar. Sizlardan kim ularga do'st bo'lsa, bas, u o'shalardandir. Albatta, Olloh zolim qavmni hidoyat qilmas. Bas, siz dillarida maraz bo'lgan kimsalar: "Bizga biron balo etishidan qo'rqamiz", degan hollarida ular (kofirlar) tomonga shoshayotganlarini ko'rasiz. Shoyad Olloh musulmonlarga g'alaba bersa yoki O'z huzuridan (bu munofiq kimsalarni sharmanda qiladigan) biron ishni keltirib, ular ichlarida yashirgan narsalariga nadomat qiluvchilarga aylanib qolsalar" (Moida, 51-52) . Bu oyatlar tushgan paytda Qaynuqo' yahudiylari afvini tilab, ular nomidan iltimos bilan kelmoqchi bo'lib turgan Uboda ibn Somit Rasululloh (s.a.v.) hazratlarini topib, uzr-ma'zur tiladi, nima qilmoqchi bo'lganini, endi o'sha niyatidan voz kechganini aytdi. Orada yahudiylardan bir necha kishi Uboda huzuriga kelib: — Sen bizning ittifoqchimiz eding, bizga bugun yordam bermasang, qachon yordaming tegadi? — deyishdi. Uboda ularga yangi tushgan oyatlarni o'qib berdi. So'ngra endi bu ittifoqning davom etmasligini, agar ular bilan do'st bo'lsa, Ollohning va rasulining do'stligini yo'qotib qo'yishini tushuntirdi. Oxirida bunday dedi: — Menga Ollohning va rasulining do'stligi kerak. Bu do'stlikni hech bir narsaga alishmayman. Bu yo'lda hamma narsadan ayrilishimni bilsam ham, natija o'zgarmaydi! Undan endi foyda chiqmasligini anglagan yahudiylar bu gal Abdulloh ibn Ubayy ibn Salulni o'rtaga qo'ymoqchi bo'lishdi. Tushgan oyatlar bilan u uncha hisoblashib o'tirmasdi. Uboda shu damgacha yahudiylarga ittifoqdosh bo'lib kelgani tufayli bir kun emas bir kun boshiga balo tushishi mumkinligidan qo'rquvda kechalari uyqusi qochib chiqsa, Ibn Ubayy yahudiylarni qanday qutqarish dardiga mubtalo bo'lib, fikri-zikri shu bilan band edi. Qalbi avvaldan ular bilan bir va doimo bir bo'lib qolajak, hech qachon musulmonlarga nisbatan sevgi qalbidan o'rin olmayajak. U yana keldi. Yana Rasulullohni rohatsiz etajak, yahudiylarni Madinada qoldirish choralarini axtarajak. Janobimiz o'tirgan uyning eshigida Uvaym ibn Saidaga duch keldi. — Yo'l bo'lsin, ey Ibn Salul? — deb so'radi Uvaym undan. — Muhammadda gapim bor edi. — Bu gal u zotni bezovta qilishingga ruxsat bermayman, ey Ibn Salul!.. Vaqt borida g'azabimni qo'zg'otmasdan bu erdan ket. Uning jahli chiqdi. Ibn Ubayydek bir odamga bunday muomala qilishga kimning haddi sig'adi?.. G'azabli nigoh tashladi: "Yo'limdan qoch!" demoqchi bo'ldi. Uvaymni yo'ldan qochirishga shu qarashimning o'zi kifoya degan ishonchda olg'a bosdi. Ammo Uvaym uni qattiq itarib yubordi. Ibn Ubayy yuzi bilan devorga urildi. Qon chiqib, soqoliga siza boshladi. Uning bu holini yahudiylar ham ko'rishdi va endi ish bitganini anglab etishdi. Ibn Ubayy bu holga tushirildimi, ortiq Madinada orqa qilsa bo'ladigan odam qolmaganini tushunishdi. Ibn Ubayy o'zini sal-pal o'nglab oldi-da, kin va nafrat to'la ovozda: — Menday bir odamga-ya?.. Balolar bo'lsin sizlar-ga! — deya bu erdan ketdi. Nabiyyi akram (s.a.v.) hazratlari Qaynuqo' yahudiylariga Madinadan uch kun ichida chiqib ketishni amr qildilar. Zinhor hazili yo'q edi bu amrning. Yahudiylar qisqa vaqt ichida hozirlik ko'rishdi. O'zlari chiqargan fitna va fasod tufayli pushaymon bo'la-bo'la shaharni tashlab chiqib ketishdi. Orqalarida ularning haydalishidan rozi bo'lmagan bir qism munofiqlar hamda ikki yahudiy qabilasi — Bani Nazir va Bani Qurayza qoldi. |